Oftalmologiya yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinatura

Oftalmologiya yo‘nalishidagi klinik ordinatura respublika sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarida faoliyat yurita oladigan yuqori malakali shifokor — oftalmologni tayyorlashni maqsad qiladi.

Klinik ordinatorning vazifasi oftalmologiya bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish, klinik fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ilmiy adabiyotlar bilan mustaqil ishlashni o‘zlashtirish, qo‘shimcha tekshiruv usullarini bajarish ko‘nikmalarini egallash, ularni talqin qilish, oftalmologik davolash va profilaktika muassasalarini tashkil etish usullarini o‘zlashtirish, shuningdek, diagnostik jihatdan kam uchraydigan va murakkab kasalliklar bilan tanishishdan iborat.

“Oftalmologiya” mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinatorlarni tayyorlash o‘quv rejasi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, ta’lim uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-sonli “Klinik ordinatura to‘g‘risida”gi Nizomi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012-yil 12-iyuldagi 202-sonli buyrug‘i hamda oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.

Mazkur o‘quv dasturi “oftalmologiya” mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinaturada tahsil olayotgan shifokorlar uchun mo‘ljallangan. Ta’lim muddati — 2 yil, ta’lim shakli — kunduzgi. Dasturda turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha bir qator bo‘limlarni o‘zlashtirish ham nazarda tutilgan.

Dasturda turli ko‘z kasalliklarini zamonaviy diagnostika qilish va yuqori texnologiyali davolash usullariga (kataraktani fakoemulsifikatsiya qilish, vitreoretinal jarrohlik, penetratsiyasiz antiglaukoma operatsiyalari va boshqalar) alohida e’tibor qaratilgan.

Ta’limning birinchi yilida klinik ordinator oftalmologiya tarixi, ko‘zning anatomik va funksional xususiyatlari hamda tekshiruv usullari, ko‘z qo‘shimcha apparati, kon’yunktiva va sklera kasalliklari, refraksiya nuqsonlari, ko‘z olmasining optik muhitlari kasalliklarini o‘zlashtiradi.

Ta’limning ikkinchi yilida esa klinik ordinator ko‘z ichki bosimi patologiyasi, tomirli parda, to‘r parda va ko‘ruv nervi kasalliklari, ko‘z jarohatlari, onkooftalmologiya, oftalmologiyada tibbiy-mehnat ekspertizasi masalalarini mukammal egallashi lozim. Dasturda turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘limlar ham mavjud.

Klinik ordinatorlarni tayyorlash jarayonida “aqliy hujum”, keys-texnologiya kabi zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi.

E’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan asosiy amaliy ko‘nikmalar: biomikroskopiya, oftalmoskopiya, tonometriya, A va B skanerlash, ko‘z klinik refraksiyasini aniqlash (skiaskopiya, refraktometriya), astigmatizm darajasi va asosiy o‘qlar yo‘nalishini aniqlash, ko‘z yosh yo‘llari o‘tkazuvchanligini tekshirish usullari (kollargol sinamasi, kontrast rentgenografiya), oynali, elektr, binokulyar bosh va refleksiyasiz oftalmoskoplar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va teskari oftalmoskopiya, gonioskopiya, oldingi kamera chuqurligi va iridokorneal burchak kengligini aniqlash, glaukoma diagnostikasida tonografiya, yuklama va yuksizlama sinamalari, elektrofiziologik tekshiruvlar, flyuorestsein angiografiyasi, oftalmologiyada rentgen diagnostika, ko‘z ichidagi yot jismlarni lokalizatsiya qilish usullari, ko‘zni rivojlantiruvchi muolajalar.

Fan oldida turgan asosiy ijtimoiy muammolar — glaukoma, diabetik retinopatiya, progressiv miopiya, turli kelib chiqishga ega to‘r parda degeneratsiyalari, shox parda xiralashuvi kabi ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolashning yangi usullarini ishlab chiqishdan iborat.

Mutaxassis va bemor o‘rtasidagi munosabatlar tibbiy etika va deontologiya asoslarini bilishga asoslanadi.

Kutilayotgan natijalar: klinik ordinatura ta’lim dasturi mustaqil faoliyat yurita oladigan, malakali oftalmolog-shifokorlarni tibbiy-profilaktik ixtisoslashgan ko‘z bo‘limlari uchun tayyorlash imkonini beradi.

Oftalmologiya kafedrasi 1-bosqich klinik ordinatorlari:

  1. Fayzullayeva Gavhar

  2. Mansurova Kamila

  3. Tashmatov Ziyodulla

  4. Boymuradov G‘ulom

  5. Khamidov Maruf

  6. Rajabov Begzod

Oftalmologiya kafedrasi 2-bosqich klinik ordinatorlari:

  1. Abzalimov Damir

  2. Khakimova Sohiba

  3. Rasulova Nazokat